O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan Yangi O‘zbekiston hamkorlik haftaligi doirasida o‘tkazilgan ilk tadbir “Bosh rejalarning buguni va kelajagi. Rivojlanishdagi yangi yondashuvlar” mavzusidagi davra suhbati bo‘ldi. Uch sessiyadan iborat seminarda mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning qurilish sohasiga daxldor vakillari ishtirok etib, shaharsozlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar. Xususan, shaharsozlikni rivojlantirish va bosh rejalarni ishlab chiqishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari va imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Seminarni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Davron Adilov ochib berdi. Vazir o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasida qurilish sohasi iqtisodiyotning rivojlanish sur’atlari haqida ma’lumot berdi.
– Mamlakatimizda qurilish ishlari ko‘lami yil sayin ortib bormoqda, – dedi vazir o‘rinbosari Davron Adilov. – Jumladan, respublikada jami qurilish ishlari hajmi 2020 yilda 88 trln so‘mni, 2021 yilda esa 108 trln va 2022 yilda esa 131 trln so‘mni tashkil etdi. So‘nggi yillarda qurilish sohasini isloh qilish bo‘yicha 27 ta Prezident hujjati va 24 ta Hukumat qarori qabul qilingan. Bundan tashqari, “Shaharsozlik kodeksi”ning yangi tahriri qabul qilindi. Shuningdek, 2021-2025 yillarda qurilish tarmog‘ini modernizasiya qilish va innovasion rivojlantirish bo‘yicha strategiya va yo‘l xaritasi tasdiqlandi. Mamlakatimizda o‘tgan 6 yil davomida shahar va qishloq aholi punktlari bo‘yicha jami 1 370 ta shaharsozlik hujjatlari, shuningdek, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida jami 1944 ta ahvoli og‘ir mahallalarning bosh reja sxemalari ishlab chiqildi. Joriy yilda yana 225 ta shaharsozlik hujjatlari, jumladan, 11 ta shahar va 50 ta shaharchalar bosh rejalari, 42 ta hududlarning master rejalari hamda 122 ta qishloqlarning bosh rejalarini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Shuningdek, respublikada birinchi marotaba joylashtirishning bosh sxemalarini ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda. Ushbu masalada bosh sxemalarni ishlab chiqish bo‘yicha malakali va tajribali kadrlarga talab mavjud. Shu sababli, shaharsozlik sohasida faoliyat yuritgan xorijiy tajribaga ega mutaxassislarni maslahatchi sifatida bosh loyiha institutlariga jalb qilib kelmoqdamiz.
Ta’kidlash lozimki, sohaga zamonaviy normalar va texnologiyalarni tatbiq qilish maqsadida, ilg‘or xorijiy davlatlar bilan ham hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Misol qilib keltiradigan bo‘lsak, seysmika va zilzilaga oid normativ hujjatlar bo‘yicha Yaponiya bilan hamkorlik qilinmoqda. Qurilish normalarini geologiya, tabiiy-iqlim va seysmik xususiyatlarni inobatga olgan holda xorijiy normalar bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha Janubiy Koreya bilan hamkorlikda ekspert-konsul’tantlar jalb etilgan.
Shuningdek, tadbirda Buyuk Britaniyaning “Benoy” kompaniyasi ijrochi direktori Djon Dous “Bosh rejalarni ishlab chiqishda muvaffaqiyatli va noto‘g‘ri qarorlar” mavzusida nutq so‘zladi. Tajribali mutaxassis shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, bosh rejalarni loyihalashtirishdagi zamon bilan bog‘liq talablar, bu boradagi xorijiy keyslarning qiyosiy tahlili, natijadorlik ko‘rsatkichlarga to‘xtalib o‘tdi.
Seminarning ikkinchi qismida vazirlikning Arxitektura boshqarmasi boshlig‘i Sh.Atajanov sohada normativ-huquqiy bazani takomillashtirish yuzasidan mulohaza yuritdi. Ta’kidlanganidek, o‘tgan 6 yil vaqt davomida qurilish sohasida 537 ta texnik normativ hujjatlar ishlab chiqildi va 255 ta ShNQ, 9 ta texnik reglament, 273 ta standart yangilandi. Bundan tashqari, binolarning energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishga oid 10 ta normativ hujjat Yevropa standartlari asosida takomillashtirildi.
Shuningdek, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda “hajm” uslubidan foydalanish amaliyoti joriy qilinmoqda. Eksperiment tariqasida 2024 yil dasturiga kiritilgan ayrim ijtimoiy soha va infratuzilma ob’ektlarida “hajm” uslubi qo‘llash rejalashtirilgan hamda ushbu usullarni joriy qilish bo‘yicha tegishli normativ hujjat loyihasi ishlab chiqilmoqda. Eksperiment natijasi bo‘yicha “hajm” uslubini qurilishning boshqa sohallariga qo‘llash hamda qurilish ob’ektlarining umumiy sonida ushbu uslub ulushini 2025 yilda 50 foizgacha yetkazish ko‘zda tutilgan.
Seminar doirasida Niderlandiyaning shaharsozlik bo‘yicha mutaxassisi – Jahon banki maslahatchisi Bart Muskens mamlakatimizda o‘rta shaharlarni rivojlantirish mavzusida taqdimot o‘tkazdi. U O‘zbekiston aholisining soni o‘sib borishi sharoitida va qishloq joylaridan ish o‘rinlarining katta qismi yaratilayotgan shaharlarga uning migratsiyasi ortib borish tendensiyasini hisobga olganda respublikaning iqtisodiy rivojlanishida urbanizasiya tobora muhim rol’ o‘ynayotganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan urbanizasiyaning kompleks rivojlanishida shaharlarning, jumladan, o‘rta shaharlarning muhim iqtisodiy markazlar sifatida bir maromda kengayishiga ahamiyat berish lozimligini ta’kidladi.
Xalqaro haftaligi doirasida o‘tkazilgan keyingi tadbir – “Yangi O‘zbekistonning yangilanayotgan qiyofasi” mavzusidagi anjuman bo‘ldi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari, Janubiy Koreyaning “DL E&C” kompaniyasi vise-prezidenti Jang Minsu, “Murad buildings” kompaniyasi asoschisi Murod Nazarov va bir qator soha mutaxassislari ishtirok etishdi. Anjuman ishtirokchilari o‘z taqdimot va fikrlari bilan o‘rtoqlashish barobarida jo‘yali takliflar ham berishdi.
– Yaqindagina 800 mln dollarlik Turkiyadagi Chanoq qal’a loyihasini bitirdik, – dedi Jang Minsu. – Mablag‘ bor, ammo qaysi loyihaga pul tikish haqida o‘ylayapmiz. Katta loyihaga qo‘l urmoqchimiz. Bilishimcha, hid chiqarayotgani sababli kanalizasiyani shahar tashqarisiga chiqarishmoqchi ekan. Menimcha, bu unchalik to‘g‘ri fikr emas. Chunki 10 yildan keyin shahar tashqarisi ham hozirgidek holga tushsa, keyin yana ko‘chirasizmi?!. Fikrimizcha, shahar uchun eng muhim narsa ayni vaqtida qilingan innovasiya deb o‘ylayman. Bu muammoni ko‘chirmasdan ham hal qilish mumkin.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston investorlar uchun ochila boshlagandan beri malakatda qurilish hajmi keskin ko‘paygani e’tiborga molik. 1991 yildan 2016 yilgacha 2000 ga yaqin qurilish pudrat tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 40 mingdan oshib ketdi. Bu juda katta raqam. Urbanizasiya hisobiga aholi sonining ortishi, infratuzilma tarmoqlaridagi haddan tashqari yuklamalar, transportlar harakatidagi tirbandliklar, chang, tutun-bug‘larning ko‘payishi kabi bir qator omillar shaharlar maydonlarini kengaytirishni, odamlar yashashi uchun qulay sharoitga ega yashil shaharlar qurishni taqozo etayapti.
– Bir narsani yaxshi tushunishimiz kerakki, biz qurilish sohasida yangi davr sari qadam qo‘ymoqdamiz, – dedi “Murad buildings” kompaniyasi asoschisi Murod Nazarov. – Hozirgi qurilishlar xamir uchidan patir. O‘rganish va kuzatishlarimiz asosida shuni aytishim mumkinki, eng katta loyihalar davri endi boshlanadi. Chet ellik investorlar sonining oshishi hisobiga mahalliy investorlar uchun ham sherikchilik muhiti paydo bo‘ladi. Bu qulay imkoniyatga barchamiz tayyor bo‘lishimiz kerak.
Darhaqiqat, birgina 2023 yilning o‘zidayoq 90 mingta uy-joy qurish ishlari davom ettirilmoqda. Bu borada ikki yil avval boshlangan imtiyozli shartlar asosida ipoteka kreditlari berish ishlari yo‘lga qo‘yildi. 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan respublika shahar, shaharchalarning bosh rejalari hamda qishloq (ovullar) aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha dastur shakllantirildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish hamda 2023 –2027 yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlarini tasdiqlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror loyihasi tayyorlanib, tasdiqlash uchun kiritilgan. Ushbu dastur asosida 2023-2027 yillarda 27 ta shaharlarning bosh rejalariga (korrektura) tuzatish kiritiladi, 217 ta shaharchalarning bosh rejalari va 518 ta qishloqlar aholi punktlari hududlarining shaharsozlik jihatidan rivojlantirish tarxlari hamda batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish belgilangan.
Shuningdek, haftalik doirasida “2023 – 2028 yillarda O‘zbekistonda qurilish bozorini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning qurilish va kommunal sohasiga daxldor vakillari ishtirok etib, sohani rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar. Mazkur tadbirda dastavval, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov ma’ruza qildi. U O‘zbekiston Respublikasida qurilish sohasining rivojlanish sur’atlari, xususan, modernizasiya jarayonlari, raqamlashtirish bosqichlari haqida batafsil to‘xtaldi.
– O‘zbekistonda qurilish tarmog‘ini modernizasiya qilish, jadal va innovasion rivojlantirishning strategiyasi tasdiqlangan bo‘lib, shaharsozlik sohasidagi eskirib qolgan normativ hujjatlarni zamonaviy jahon standartlariga muvofiqlashtirish qat’iy belgilab olingan, – dedi Sherzod Hidoyatov. – Jumladan, “Uzbekistan building code” modernizasiyasi orqali bir qancha aniq maqsadlar ko‘zda tutilmoqda. Mazkur modernizasiya jarayonlari uchun Koreya qurilish texnologiyalari instituti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, ushbu ishlarni muvofiqlashtirish uchun 2022 yilda Vazirlik huzurida Qurilishda texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi. Bugungi kunda institutda 80 dan ortiq qurilish, standartlashtirish va muvofiqlikni baholash bo‘yicha ilmiy xodimlar hamda malakali mutaxassislar faoliyat olib bormoqda. Bundan tashqari, qurilish ob’ektlarida nazorat jarayonlari elektronlashtirilib, barcha ma’lumotlar avtomatik tarzda shakllantirilayapti.
Tadbir davomida Qurilishda texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti direktori Sherzod Sodiqov shaharsozlik sohasidagi yangicha tizim, takomiliga yetkazilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar, xususan, ShNQ va QMQ talablari, ilg‘or xorij tajribasi va texnologiyasi joriy etilgan laborator ilmiy tadqiqot jarayonlari haqida ma’lumot berdi. Xususan, raqamlashtirish har bir sohada insonlarsiz boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish orqali korrupsiyani kamaytirishi, soliq tushumlarini “aqlli” shartnomalar tuzish orqali ko‘paytirish, byudjet xarajatlarining ochiqligini oshirishi hamda yagona elektron platforma orqali xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatini berishi aytib o‘tildi.
Shuningdek, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi direktori o‘rinbosari Shuhrat Hamdamov dasturiy majmuaning asosiy modullari haqida taqdimot o‘tkazdi. Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda qurilish va loyiha tashkilotlarining reytingini aniqlash tizimiga respublikada faoliyat yuritayotgan 22 mingdan ortiq tashkilot kiritilgan. Mazkur tashkilotlarning reytingi uning moddiy-texnik bazasi, raqobatbardoshligi, kadrlar siyosati, moliyaviy ko‘rsatkichlari, soha mutaxassislarining ish tajribasi kabi bir necha muhim faktorlarni inobatga olgan, shuningdek, mas’ul davlat organlaridan ma’lumotlarni onlayn tartibda avtomatlashtirilgan holda shakllantirilib boriladi.
Tadbirda Xitoy Xalq Respublikasining “SAMSE” kompaniyasining mamlakatimizdagi bosh vakili Guo Zi-Jie, Koreya Respublikasi “DL E&C” kompaniyasi vise-prezidenti Jang Minsu kabi xorijlik mutaxassislar ham so‘zga chiqib, sohada amalga oshirilayotgan yangiliklar haqida gapirishdi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu haftalik doirasida o‘tkazilgan tadbirlar, seminar va uchrashuvlarda muhokama qilingan mavzular kelgusida yurtimiz qurilish sohasini yanada rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shadi degan umiddamiz.

