Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari ko‘lami joylarda foydalanishga topshirilayotgan yangidan-yangi ob’ektlar, zamonaviy turar joylar misolida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Binobarin, kunda kunora yurtimizning qaysidir manzilida yangi turar joy yoki ishlab chiqarish ob’ekti qurib bitkazilganiga oid xabarlarni eshityapmiz, ko‘ryapmiz, o‘qiyapmiz. Qurilish sohasidagi bu jarayon nafaqat shahar va qishloqlar qiyofasini o‘zgartirdi, balki odamlar hayotiga o‘zgacha mazmun-mohiyat bag‘ishlayotgani ham bor gap.
3-7 iyul’ kunlari poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovasiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida bir nechta tadbirlarning shu sohaga bag‘ishlangani ham bejiz emas. Bu bugun O‘zbekiston qurilish sohasida o‘ziga xos tajribaga ega bo‘lib borayotgan davlatlar sirasiga kirishidan dalolat beradi. Yurtimiz quruvchilaridan o‘rganadigan jihatlar borligi, shuning uchun kelgusida aloqalarni mustahkamlash zarurligini ko‘rsatadi.
Bugun mazkur sohadagi o‘zgarishlar zamonaviy tamoyillar asosida tobora takomillashib borayotgani esa yanada diqqatga sazovordir. Ya’ni, O‘zbekistondagi bunyodkorlik jarayoni yashil iqtisodiyot, urbanizasiya, qurilishda muqobil energiya, va albatta, aholini uy-joy bilan ta’minlash borasidagi ijtimoiy siyosatga yo‘g‘rilgani bilan alohida ajralib turadi. Mamlakatimizdagi hozirgi qurilish industriyasini ana shu omillarsiz tasavvur qilish mushkul. Shu jihatdan olganda, keyingi 6 yilni sohadagi inqilobiy burilish davri bo‘ldi, desak arziydi. Shu davr ichida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sohaga doir 27 ta qaror va farmoni, boshqa ko‘plab me’yoriy hujjatlar qabul qilingani buning tasdig‘idir.
Agar, 1991 yildan 2016 yilgacha 2 000 ga yaqin qurilish-pudrat tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib ular soni 40 mingdan oshib ketdi. Urbanizasiya hisobiga aholi sonining ko‘payishi, infratuzilma tarmoqlaridagi haddan tashqari yuklamalar, transport harakatidagi tirbandliklar, chang, tutun — bularning barchasi shaharlar maydonini kengaytirishni, odamlar yashashi uchun qulay sharoitga ega yashil shaharlar qurishni taqozo etayotgan edi. Shu bois, ko‘p xonadonli binolarning ko‘kalamzorlashtirish maydoni umumiy ob’ektning 25 foizidan kam bo‘lmasligi shaharsozlik norma va qoidalarida qat’iy belgilab qo‘yildi.


