Navoiy yurtimizdagi eng go‘zal va ko‘rkam viloyat hisoblanadi. Boshqa viloyatlarga nisbatan “yosh” bo‘lsa-da, zamonaviy inshootlar, yirik ishlab chiqarish korxonalari, shinam turar joylar va ijtimoiy soha ob’ektlari bu hududga o‘zgacha salobat bag‘ishlab turibdi.
Yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi bugun Navoiy viloyatida ham qurilish-ta’mirlash ishlari avjida. Bu ulkan bunyodkorlik ishlarilarga 2015 yildan buyon “Tayanch qurilish servis” MChJ jamoasi ham o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Rustam Salomov ta’sischiligida tashkil etilgan jamoa quruvchilari asosan ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etish bilan shug‘ullanadi. Ular tomonidan bunyod etilgan zamonaviy tipdagi maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari, barcha sharoitlari mujassam poliklinika binolaridan tortib maxsus shifoxonalardan bugun viloyat ahli unumli foydalanib kelyapti.
O‘tgan yillarda barpo etilgan ob’ektlar orasida Navoiy viloyati teri-tanosil kasalliklari shifoxonasining yangi binosi betakror qiyofasi bilan ajralib turadi. “Tayanch qurilish servis” MChJ mehnatkashlari mahsuli sifatida Investitsiya dasturi asosida bunyod etilgan mazkur muassasaning umumiy qiymati 17 mlrd 900 mln so‘m bo‘lib, yildan-yilga o‘tuvchi ushbu ob’ektda 8 mlrd so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirilgan.
Natijada “Tayanch qurilish servis” MChJ tomonidan shifoxonaning 110 o‘rinli dispanseri hamda 55 qatnovli poliklinika binosi yangidan bunyod etildi. Eng zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan tibbiyot muassasasida tajribali shifokorlar tomonidan bemorlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.
Shu yillar mobaynida MChJ mehnatkashlari tomonidan Qiziltepa tumanida yana 2 ta zamonaviy shifoxona ham qurib, foydalanishga topshirilgan. Ushbu ob’ektlardan biri – somatik kasalliklar shifoxonasi bo‘lib, 80 o‘ringa mo‘ljallangan. Bir necha yil ilgari sil kasalliklari dispanseri sifatida faoliyat yuritgan, ammo keyinchalik bu kasallikning keskin kamayishi natijasida bo‘shab qolgan mazkur bino 4,5 mlrd so‘m mablag‘ evaziga mukammal rekonstruksiya qilinib, zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Shifoxona tarkibida nevrologiya, kardiologiya, endokrinologiya, terapiya bo‘limlari, jonlashtirish terapiya posti, markaziy laboratoriya mavjud. Shu bilan birga, ushbu maskanda Bo‘ston mahallasi aholisi uchun yangi qishloq oilaviy poliklinikasi ham ish boshladi.
Bundan tashqari, “Standart diagnostika” xususiy klinikasi ham barpo etilgan. Tadbirkor Alisher Atoyev rahbarligidagi klinikada statsionar davolanish uchun 30 ta o‘rin yaratilib, jarrohlik va jonlashtirish bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu shifo maskanida travmatolog, stomatolog, ginekolog, urolog, jarroh, lor, kardiolog, endokrinolog, nevrolog kabi
15 ga yaqin mutaxassislar faoliyat olib borishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, bu yerda bemorlarga tumanda birinchilardan bo‘lib ozonoterapiya, fizioterapiya, lazeroterapiya, EFGDS, kolonoskopiya, 4D o‘lchamli UZI, skrining kabi bir qator xizmatlar ko‘rsatiladi. Ushbu zamonaviy klinikani tadbirkorning 2 milliard 756 mln so‘m o‘z mablag‘i va 207 ming AQSh dollari qiymatidagi kredit hisobidan barpo etdi. Klinikaning ishga tushishi 25 nafar fuqaroning bandligini ta’minladi.
Bugun bu shifo maskanlarida o‘z dardlariga davo topayotgan har bir inson nafaqat shifokor va hamshiralardan, balki ular uchun shunday zamonaviy ko‘rinishdagi shifoxona qurib bergan quruvchilardan ham minnatdor bo‘lsa ajab emas.
“Tayanch qurilish servis” MChJ jamoasi bunday savobli ishni bugun yanada katta hajmda davom ettirmoqda. Xususan, Qiziltepa tumanidagi 2-maktab binosi rekonstruksiyasi, Navoiy arxitektura va qurilish texnikumi binosi, shoshilinch tez tibbiy yordam maskanlari qurilishi shular jumlasidandir.
Qurilishda eng muhimi nima?
Puxta loyiha, sifatli qurilish materiali yoki malakali quruvchilar…
Aslini olganda mustahkam hamda zamonaviy tipdagi shinam inshootning qad rostlashi uchun yuqoridagilarning barchasi birdek muhim hisoblanadi. Bu masalalar yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida arxitektura, qurilish va shaharsozlik sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida yana bir karra muhokama qilindi. Yig‘ilishda so‘nggi besh yilda qurilish sohasi iqtisodiyotimizning “drayver” yo‘nalishiga aylangani ta’kidlanib, bu davrda 250 ming xonadonli 8 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylar, 21 ming servis-xizmat ko‘rsatish va 10,5 ming ijtimoiy soha ob’ekti qurilgani hamda 31 ming korxona tashkil etilgani aytildi.
Mana shu raqamlarning o‘ziyoq bugun yurtimiz qay darajada ulkan bunyodkorliklar makoniga aylanganidan dalolat berib turibdi. Bu bunyodkorlik ishlariga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan navoiylik qo‘li gul quruvchilarga ham kasb bayrami muborak bo‘lsin!

