Bundan o‘n yillar ilgari qurilgan uy-joylar bilan yurtimizning bugungi qiyofasini aslo solishtirib bo‘lmaydi. Bir paytlar xorij filmlaridagina ko‘rgan ajoyib qiyofadagi binolar bugun O‘zbekistonimizning barcha hududlarida qad rostlamoqda. Birgina misol, “Tashkent city” yoki uning hududidagi “Hilton” mehmonxonasi binosini oladigan bo‘lsak. Atigi besh yil oldin ham kim o‘ylabdi poytaxtda shunday ajoyib majmua quriladi deb. Ammo bugun bunga o‘zimiz guvoh bo‘lib turibmiz.
Bularning barchasi zahmatkash bunyodkorlar bilan bir qatorda mahoratli loyihachilarning ham xizmati ekanini ta’kidlash o‘rinlidir. Zero, puxta loyiha hamisha mustahkam va imorat asosi bo‘lib hisoblangan.
2018 yildan buyon poytaxtimizda faoliyat yuritib kelayotgan “Orginal” MChJ loyiha tashkiloti ham bugun sohada o‘z uslubi va imijini yaratib ulgurgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayni paytda 25 nafar malakali mutaxassislardan iborat jamoa yurtimizdagi qator ijtimoiy ob’ektlar va turar joylar qiyofasini yaratishga hissa qo‘shib kelyapti.
Albatta, hech kim o‘z-o‘zidan zo‘r arxitektor yoki mohir quruvchi bo‘lib qolmaydi. Bu sohaning o‘z ustalari bo‘lib, ular oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan yoki endigina bitirib kelgan yoshlarga o‘z tajribalaridan kelib chiqib, kasbning sir-asrorlarini o‘rgatishadi. Azaldan qadriyat sanalgan bu ustoz-shogirdlik an’anasi “Orginal” MChJ jamoasiga ham begona emas.
Jamoadagi mutaxassislarning aksariyati Toshkent arxitektura-qurilish instituti va Turin politexnika institutining bitiruvchilari hisoblanadi. Qolaversa, ayni paytda TAQIda ta’lim olishni davom ettirayotgan olti nafar talaba ham ish bilan ta’minlangan. Ular darsdan keyingi vaqtidan unumli foydalanib, loyihalar yuzasidan takliflar ishlab chiqishda faol ishtirok etib kelmoqda. Talabalar institutni bitirgunlaricha bemalol tayyor kadr bo‘lib yetishadilar. Tashkilotda ularning o‘z loyiha va takliflarini ishlab chiqishlari uchun barcha kerakli sharoit va qulayliklar yaratilib, mutaxassislar zamonaviy kompyuterlar, “AutoCAD” va “3dsMax” kabi dasturlar yordamida loyiha takliflarini tayyorlashadi. Loyiha qiymatlari va ish turini ishlab chiqishda esa “AVS” va “TNqurilish” dasturlaridan foydalanilmoqda.
Darhaqiqat, yaqindagina Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan arxitektura, qurilish va shaharsozlik masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ham sohada kadrlar tayyorlash tizimini o‘zgartirish lozimligi ta’kidlanib, bu borada bir qator vazifalar belgilangani bejiz emas. Xususan, yig‘ilishda Toshkent arxitektura-qurilish instituti va Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti faoliyati transformatsiya qilinib, ularga akademik va moliyaviy mustaqillik berilishi ta’kidlandi. Endi Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti urbanizatsiya, arxitektura, dizayn, madaniy meros ob’ektini tiklash, Toshkentdagi institut esa muhandislik, arxitektura, qurilish va qurilish materiallari texnologiyalari, raqamli qurilish yo‘nalishlariga ixtisoslashadi. Talabalar yetakchi loyiha-qidiruv institutlari va qurilish klasterlariga biriktiriladi. Ushbu ikki oliygohda joriy yilning 1 sentyabridan xalqaro ta’lim dasturlari asosida o‘qitishni yo‘lga qo‘yishga ko‘rsatma berildi.
Demak, kelgusida nafaqat qurilish sohasi, balki arxitektura, aynan loyihachilar faoliyati ham zamonaviy bilimlarni puxta egallagan kadrlar bilan ta’minlanadi. Bu esa yurtimiz qiyofasi yanada yangi imijda yaratilishi uchun asos bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Kimgadir baho berish kerak bo‘lsa, eng birinchi navbatda uning bajargan amallariga e’tibor qaratamiz. So‘nggi yillarda barcha hududlarda barpo etilgan bir-biridan ajoyib inshootlarga qarab, bularning loyihalari qaysi tashkilot yoki qaysi arxitektor tomonidan yaratilgani haqida o‘ylaymiz. Chunki bugun arxitektorlarimiz tomonidan yaratilayotgan loyihalar avvalgidek bir-birini takrorlab turuvchi bir xil imoratlar emas-da.
Shu bois, “Orginal” MChJ mutaxassislari tomonidan yaratilgan ob’ektlar orasida poytaxtimizga chiroy bag‘ishlab turgan inshootlar ham talaygina. Jumladan, 2021 yilda Olmazor tumanidagi Qariyalar uyiga qo‘shimcha bino, Shayxontohur tumanidagi Bandlikka ko‘maklashish markazi binosi loyihalari yaratilgan. Sergeli tumanidagi Sputnik-5 mavzesida 11 qavatli turar joy binosi loyihasi ham o‘tgan yili yaratilgan bo‘lib, ayni paytda qurilish ishlari olib borilmoqda. Toshkent viloyatida qurilgan mahalla markazi binosi loyihasi ham 2021 yilgi ijod namunalaridan hisoblanadi.
Bu yilgi loyihalar haqida gapiradigan bo‘lsak, 2022 yil ham jamoa uchun barakali boshlandi. Xususan, Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida shu yilning may oyida foydalanishga topshirilgan “Do‘stlik uyi” hamda Buxoro shahrida qurilayotgan “Bukhara city” majmuasi tarkibidagi mehmonxona va savdo markazining loyihasi ham jamoa mehnatining mahsulidir. Shuningdek, Yunusobod tumanidagi 4-sonli ftiziatriya dispanseri va Chilonzor tumanidagi 7-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti binosining rekonstruksiya ishlari ham “Orginal” MChJ loyihalari asosida olib borilyapti.
Ayni paytda “Orginal” MChJ mutaxassislari poytaxtimizning Shayxontohur tumanida qurilayotgan Prezident maktabi loyiha hujjatlarini ishlab chiqish bilan band. Loyihaga ko‘ra, 672 o‘quvchiga mo‘ljallangan maktabning o‘quv xonalari barcha zarur jihozlar bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan. Loyihada o‘quv rejasi, o‘quv dasturi, o‘quv sinflarining tarkibi va hajmi ham hisobga olingan. Sinf xonalari va maxsus fan kabinetlari yurtimiz korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mebel va texnikalar bilan to‘liq ta’minlanishi belgilangan.
Maktab binosi dizayni Shaharsozlik norma va qoidalariga muvofiq (ShNQ 01-04) “O‘rta maktablar va maktab-internatlar” qoidalari asosida yaratilgan. Loyihaning texnologik qismi topshiriq asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, uskunalar o‘quv rejalarining bajarilishini ta’minlovchi komplekt sifatida qabul qilinadi. Maktab 5-11 sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan bo‘lib, binoda 24 o‘rinli 16 ta o‘quv xonasi mavjud.
Shuningdek, 360 o‘rinli oshxona, sport zali, o‘quv-laboratoriya xonalari, majlislar zali, o‘qituvchilar xonasi, direktor xonasi, qabulxona, kutubxona ham loyihalangan. Buyurtmachi Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi hisoblanadi.
Jamoa mutaxassislarining aytishicha, har qanday loyiha eng avvalo, puxta o‘rganish va izlanishlar natijasida yaratilishi kerak. Shu bois, loyihaga buyurtma olingach, eng avvalo, obe’kt sinchkovlik bilan o‘rganib chiqiladi. Masalan, baland qavatli bino qurilishi lozim, ammo uning atrofidagi imoratlar bir qavat bo‘lsa, bu vaziyatda buyurtmachi bilan kelishgan holda, Shaharsozlik norma va qoidalariga muvofiq loyihaga boshqa yechim topiladi.
– Asosan, zamonaviy qurilish materiallaridan foydalanib, bino va inshootlar uchun sifatli, mustahkam va arzon loyihalar yaratishga harakat qilyapmiz, – dedi jamiyat rahbari Javohir Jo‘raboyev. – Bugun yurtimizda ilgari faqat xorijdan topib olib kelish mumkin bo‘lgan qurilish materiallarining deyarli barchasi ishlab chiqarilyapti. Qolaversa, zamonaviy energiyatejamkor materiallarni qo‘llagan holda loyiha yechimlarini ishlab chiqish davr talabi ekanligini yurtboshimiz ham ma’ruzalarida ko‘p takrorlaydi. Shu bois, ishlab chiqilayotgan loyiha hujjatlarida faqatgina mahalliy qurilish mahsulotlaridan foydalanyapmiz. Shu o‘rinda yana bir narsani aytib o‘tmoqchiman. Meni bu sohaga qiziqtirgan ham, erishgan barcha yutuqlarimning asosiy sababchisi ham ustozim – Orifjon Jo‘rayevdir. U kishidan arxitektura va loyihalash sohasida o‘rganganlarim bugun faoliyatimda asqatmoqda.
Yurtimizning yangi qiyofasini yaratishga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan ushbu loyihachilar jamoasining keyingi ishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz. Kasb bayramingiz muborak bo‘lsin!

