– Hamma ishlarimiz rejalashtirilgani bo‘yicha ketyapti-yu, biroq beton qorishmasi masalasida biroz muammo chiqib turibdi. Uni olib kelgan mashinadan hozircha yukni tushirganimiz yo‘q, sababi, qorishmaga qo‘shilgan sement me’yorida emas ekan, – dedi ob’ekt ish boshqaruvchisi Abdishukur Ro‘zmatov.
– Mana shunday e’tiborli bo‘lganingiz juda yaxshi, aks holda, bajargan ishimiz talabga javob bermasdan ortiqcha mablag‘ sarflab, ishni qaytadan qilishga to‘g‘ri kelardi. Bu masalani o‘zim zavodga borib hal qilib kelaman, siz esa qolgan ishlarning bajarilishini nazorat qilib turing, – deb korxona rahbari Ahrorbek beton tayyorlash zavodiga yo‘l oldi.
Aniqlanishicha, qorishmani tayyorlashga mas’ul bo‘lgan ishchi tajribasizlik qilib kerakli uskunani to‘g‘ri boshqara olmagan ekan. Agar bu masalani u vaqtida hal qilmaganida boshqa ob’ektlarda ham xuddi shunday holat takrorlanishi va ko‘plab imoratlarning beton bilan bog‘liq ishlari sifatsiz chiqishi mumkin edi.
Bugungi kunda har qanday ishga kirishgan kishi, “Olma pish og‘zimga tush”, degan qabilida ish tutsa, yutqazishi ayon. Buni Ahrorbek o‘z tajribasida ko‘p bor ko‘ryapti. Davlatimiz tadbirkorlarga zarur sharoitlar yaratib berayotgan bo‘lsada, biroq ayrim ishlab chiqaruvchilar hanuz bunday imkoniyatlarning mazmun-mohiyatini chuqur anglamayotgani natijasida shartnomalar va kelishuvlarga qaramasdan zarur mahsulotlarni o‘z vaqtida, sifatli qilib tayyorlab, joylarga yetkazishda kamchiliklar uchrab turibdi. Ancha kech uyga kelgan Ahrorbek bir piyola choyni ho‘plab, shu fikrlarni xayolidan o‘tkazar ekan, charchoq uyquga elitsada, xayollar uni yoshligi sari yetakladi.
Respublikamiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillar edi. Boshqa viloyatlardagi singari Andijonda ham fuqarolarning turmush tarzi aytarli darajada yaxshi emas, odamlarning aksariyati istiqlol, erk va ozodlik degan so‘zlarning mag‘zini chaqib, iste’molga kiritmagan paytlar edi. O‘zi ham yosh bo‘lgani sababli bunday yangiliklarga tishi unchalik o‘tmagani uchun bee’tibor bo‘lgan. Qurilish ishlaridan doimo horib kelib, ba’zida kechki ovqatni ham yemasdan uxlab qoladigan otasini u hech qachon xursand holda ko‘rmagandi. To‘g‘ri, ba’zan maosh olgan kunlari biroz jilmayganini hisobga olmasa, bunday holat bo‘lmagandi.
Oila a’zolari birgalikda ovqatlanishgach, padaribuzrukvori gap boshlab qoldi:
– Ota-bobolarimiz asrlar davomida orzu qilib o‘tgan davrlarga erishdik, bundan buyog‘i xalqimiz, oilamiz hech narsaga muhtoj bo‘lmasdan farovon hayot kechiramiz. Buning uchun sizlar maktabda a’lo baholarga o‘qisangiz, kelajagingiz yaxshi bo‘ladi, – dedi.
Ahrorbekka otasi avvallari bunday gaplarni deyarli aytmagandi. Shu kundan boshlab u o‘yinqaroqlikni yig‘ishtirdi, oiladagi ishlarga ko‘maklashib, zarurat bo‘lganda otasi mehnat qilayotgan qurilishga borib, g‘isht terish, eshik-rom yasash va boshqa hunarlarni mukammal o‘zlashtirishga harakat qildi. Bu jarayon uning qalbiga quruvchilik kasbiga mehrni olib kirgandi. Shundan bo‘lsa kerak, kechki paytlari maktab darsliklaridan tashqari, qiziqqan kasbiga oid kitoblarni o‘qib o‘rgandi. Yillar o‘tib, maktabni tugatgach, o‘zi tanlagan yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtiga kirdi va mutaxassislik bo‘yicha zarur bilimlarni oldi. Bilmagan va tushunmaganlarini qayta-qayta so‘rashdan og‘rinmadi. Talabalar o‘rtasida fanlar bo‘yicha o‘tkazilgan respublika miqyosidagi tanlovlarda faol ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni olishga ham muvaffaq bo‘ldi.
Oliy dargohni bitirgach, viloyatdagi qurilish tashkilotlarida bilimlarini yanada mustahkamladi. Uning ishbilarmon va faolligini bilgan rahbariyat mehnatlarini qadrlab, turli lavozimlarga ko‘tardi. Davlatimizda ishbilarmon va tadbirkorlarga keng yo‘l ochilganidan foydalanib, o‘z mahoratini sinab ko‘rish uchun u ham “Hamkor trans baraka” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil qildi. Ish boshlash avvalida aytarli hech vaqosi yo‘q bo‘lgani uchun bankdan imtiyozli kredit oldi. Tejamkorlikka alohida e’tibor qaratish shioriga aylangani tufayli bugun har jihatdan iqtisodi mustahkam korxonasi bor. Xayollarga berilib, tong yorishganini ham sezmay qolgan Ahrorbek shosha-pisha nonushta qildi-yu, qadrdon korxonasi va jamoasi tomon yo‘l oldi.
Ta’riflayotganimiz, “Hamkor trans baraka” MChJ jamoasining Andijon viloyatidagi tuman va shaharlarida islohotlarning amalga oshirilishida munosib hissasi bor. So‘nggi besh yil oralig‘ida ularning shijoati va kelajakka ishonch-e’tiqodi samarasi tufayli Andijon shahrida 9 qavatli, 98 xonadondan iborat uy-joy foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari, shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan Cho‘lpon nomli bog‘da Ko‘zi ojizlar jamiyati uchun zamonaviy loyiha bo‘yicha 3 qavatli bino qurib berilmoqda. 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi doirasida “Yangi Andijon” shahrini bunyod etishda ham korxona jamoasi o‘z hissasini qo‘shish maqsadida tenderda ishtirok etib, 8 ta 7 qavatli turar joylar va ular atrofida yashovchi hamyurtlarimiz uchun zarur infratuzilmani yaratib berishni o‘z zimmasiga olgan. Shu kunlarda mazkur ob’ektda ishlar qizg‘in, 2 ta ko‘p qavatli uy to‘liq bitkazilib, tayyor holga keltirilgan, qolganlarida ham bunyodkorlik ishlari jadal olib borilyapti.
Korxona rahbari Ahrorbek Rustamovning aytishicha, joriy yil oxirigacha ob’ektdagi barcha qurilish ishlari nihoyasiga yetkaziladi. Hozirgi kunda boshqa ko‘plab buyurtmachilardan takliflar tushib turibdi. Mustaqillik bayramigacha yana ikkita ko‘p qavatli turar joyni qurishga kirishiladi, buning uchun zarur kuch va vositalar yetarli. Muhimi, ishchi-xizmatchilarda ishtiyoq baland, jamoada qurilish sohasining barcha turdagi mutaxassislari jamlangan. Mahammadjon Azimov, Akbarjon Maxsumov, Abdishukur Ro‘zmatov, Ibrohimjon Rasulov, Shukrilla Xalilov, Saydulla Xalilov, Omadjon Ashurov, Xayrulla Isoqov singari ishning hadisini olganlar yoshlarga ibrat ko‘rsatish barobarida ularga kasbning nozik sirlarini ham o‘rgatishyapti.
Ayni payda ishni yengillatish hamda ortiqcha xarajatlarni qisqartirish maqsadida jamiyat tarkibida qurilishbop materiallarni ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa, birinchi navbatda, yangi ish o‘rinlari yaratish barobarida, mahalliylashtirish dasturini hayotga keng qo‘llashga qaratilgan intilishdir. Azmu shijoatli jamoaning bajarayotgan ishlaridan yana ko‘plab misollar keltirish mumkin. Ammo gap faqat qilinayotgan ishlarda emas, balki ertangi kunga umid va ishonch bilan intilib, bugundan ko‘ra, ertaga yanada farovon hayotni ta’minlashga qaratilayotganida hamdir. Jamoada ana shunday muhit shakllangani uchun ishlar ham shunga munosib bo‘lmoqda.


