Navro‘z ayyomi shukuhi kezib yurgan shu kunlarda Navoiy viloyati bo‘ylab yangidan-yangi inshootlarning ochilishi aholi uchun qo‘shaloq bayram bo‘lmoqda. Ulug‘ ayyom arafasida Navoiy shahrining Istiqlol mahallasi hududidagi eski istirohat bog‘i o‘rnida zamonaviy ekologik hudud – ekopark foydalanishga topshirildi
Aholining madaniy hordiq chiqarishi uchun mo‘ljallangan zamonaviy va barcha qulayliklarga ega bo‘lgan mazkur ekopark qurilishi “Inson qadri uchun”
tamoyiliga hamohang bo‘lib, qutlug‘ ayyomga munosib sovg‘a bo‘ldi.
Viloyat hokimligi, sektor rahbarlari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan ochilish marosimi tantanalarida yurtimizda aholiga munosib turmush sharoitlarini yaratishga qaratilgan islohotlar yana bir bor e’tirof etildi.
– Mahallamizda tashkil etilgan ekopark qisqa vaqt ichida zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘ldi, – dedi “Istiqlol” MFY raisi Ikrom Tursunov. – Bu yerda
keng va ravon yo‘laklar qurildi, aholining dam olishi uchun zamonaviy o‘rindiqlar o‘rnatildi. Favvoralar, keksa nuroniylar uchun dam olish maskanlari,
shu bilan birga, bayram tadbirlarini o‘tkazish uchun 300 kishilik pavil’on
– usti yopiq sahna maydoni qurildi. Yana bir ahamiyatli jihati, ekopark
hududida 500 dan ortiq manzarali daraxt ko‘chati o‘tqazildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bir gektar maydondagi bog‘ bir kecha-kunduzda 220-275 kilogrammgacha karbonat angidrid gazini yutib, 180-215 kilogramm kislorod ajratar ekan. Bu o‘rtacha 500 kishini kun davomida kislorod bilan ta’minlash uchun yetarli. Boshqacha aytganda, to‘rtta daraxt bir kishining kislorodga bo‘lgan ehtiyojini qondirar ekan. Mazkur ekoparkimiz esa kelgusida aholining mazmunli hordiq chiqarishi bilan birga, atrof-muhitning musaffoligini ta’minlashga ham munosib xizmat qiladi. Qayd etish lozimki, bugun qariyb 3 gektar maydonni tashkil etadigan ushbu maskan amalga oshirilgan keng qamrovli bunyodkorlik ishlari natijasida ko‘rkam qiyofa kasb etgan. Bog‘ bo‘ylab
barpo etilgan yo‘laklar, yashil maydonlar, favvoralar, so‘nggi dizayndagi
yoritgichlar, savdo do‘konlari, ko‘ngilochar xizmat ko‘rsatish shoxobchalari endilikda mahalliy aholining munosib madaniy hordiq chiqarishi uchun xizmat qiladi.


