|

|

2026-уіӏ 5-Aprel, Yakshanba
spot_img

Perdabay Djaksimbayev: loyihalarimizga talabgorlar ko‘p

Muhim xabarlar

Abdusami Haqberdiyev
Abdusami Haqberdiyev
Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan. 1984 yildan respublika miqyosidagi matbuot nashrlarida turli lavozimlarda ishlagan. “O‘zbekiston bunyodkori” gazetasida 2020 yilning sentabr oyidan e’tiboran bosh muharrir o‘rinbosari vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda.

Loyiha tashkilotlarining mehnatini shoir va yozuvchilarning ijodi bilan qiyoslasa arziydi. Chunki ularning har bir ishi izlanishlar, o‘z sohasi bo‘yicha yangidan yangi qirralarni kashf etishni taqozo qiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham ayni paytda 70 dan ortiq loyiha tashkilotlari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, ular orasida Perdabay Djaksimbayev rahbarlik qilayotgan “QQ GORSEL PROEKT” mas’uliyati cheklangan jamiyati jamoasining tuman va shaharlarni obodonlashtirish hamda bunyodkorlik ishlarini qaror toptirishda qo‘shayotgan beminnat hissasi alohida o‘rin tutmoqda.

Erkin faoliyat yuritib, el-yurtga naf keltirishni Perdabay ko‘p yillar orzu qilib yashadi. Sohaga daxldor mutaxassislikni egallab, Nukus shahridagi bir qancha tashkilotlarda vijdonan ishladi. Biroq u davrlarda inson mehnati va qadr-qimmati e’tibordan chetda qolgani sababli, vaqti kelganda, maoshini ham vaqtida ololmasdan ro‘zg‘or tebratishi ancha qiyinlashib qolgan kezlari Qozog‘iston Respublikasida ishlab yurgan hamkasblaridan biri uni ishga taklif qildi. Shu tufayli u qo‘shni davlatda bir necha yil faoliyat ko‘rsatishga majbur bo‘ldi. Mehnat ta’tillarida Nukusga kelganida vaqti yetib, o‘zi kamol topgan mana shu joylar ham obod va ko‘rkam bo‘lishini orzu qilardi. Yaxshi niyat qilgan kishi hamisha maqsadiga erishishi mumkinligini oradan yillar o‘tib u dildan his qildi.

Xalqimizning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga yo‘l ochib, imkon yaratib bergan istiqloldan ruhlangan Perdabay ham boshqalar singari shu Vatanning porloq kelajagini qurishda o‘z hissasini qo‘shish maqsadida Nukus shahridagi tashkilotlarda ishlab, oddiy xodimdan bo‘lim boshlig‘i darajasigacha ko‘tarildi. Ish jarayonida u korxonani zamon talablariga moslashtirmasa, kelajakda faoliyati to‘xtashi yoki bankrotga uchrab qolishini anglab, fikrini tegishli tashkilotdagi rahbarlarga aytadi va bu jarayondan chiqish uchun nimalar qilish lozimligi yuzasidan rejalarini tushuntirishga harakat qiladi.

Korxona xususiylashtirilsa, hozirgi holatiga qaraganda jamiyat rivoji uchun katta foyda keltirishini bilgan va tadbirkorlik faoliyatiga davlatimiz tomonidan yetarlicha sharoitlar yaratilganidan kelib chiqib, tegishli tashkilotdagilarning ruxsati tekkach mas’uliyati cheklangan jamiyatga aylantirildi. Iqtisodiy ahvoli tang holdagi korxonani oyoqqa turg‘azish, yoshlarni jamlab, ularga kasb sirlarini o‘rgatish va zarur bo‘lganda qayta tayyorlash Perdabay uchun oson kechmadi. Shunday paytlar bo‘ldiki, zaruratda uyidagi boqib yurgan mollarini ham sotib, pulini korxonasining rivoji uchun sarfladi. Har qanday ishga vijdonan kirishilsa, yo‘llar ochilib, ishlar ham baroridan kelaverishini o‘tgan yillardagi sa’y-harakatining samarasini bugun o‘zi va ishchi-xodimlari dildan his etishmoqda.

Maqola avvalida loyiha ijodkorligi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasida tanilgan korxona, deb ta’kidlaganimizga asos bor. Jamoa ahlining sohadagi izlanish va ijodlari namunasi Taxtako‘pir tumani hamda Taxiatosh shahridagi 2 ta tug‘ruqxona, endokrinologiya shifoxonalarining qaytadan zamonaviy rekonstruksiyasi, Nukus shahrida qad rostlayotgan Test markazi, Chimboy tumanida qurilayotgan amfiteatr, Kegayli tumanidagi tug‘ruqxonaning qayta rekonstruksiyasi, Qonliko‘l tumanidagi 24-umumiy o‘rta ta’lim maktabi, shuning­dek, 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, shu tumandagi qishloq vrachlik punktini rekonstruksiya qilish orqali turar joy binosiga moslashtirish singari ishlar bilan hududdagi turdosh korxonalar va qurilish tashkilotlari uchun namunaga aylandi.

Perdabayning aytishicha, loyihachi o‘z ustida qancha ko‘p izlanib, yangiliklar sari intilsa, uning qo‘lida sayqal topgan chizmalar hech qachon qog‘ozlarda qolib ketmaydi. Shuning uchun ham korxona tashkil qilingandan buyon jamoaning birorta ham ijodi e’tibordan chetda qolgani yo‘q. Aksincha, barchasi uchun talab kun sayin ortyapti. Masalan, Nukus shahridagi harbiy qismlar uchun tibbiyot punktlari, xizmat burchini o‘tayotgan askarlarga zamonaviy yotoqxona, shahar hududidagi harbiy qismlar uchun mo‘ljallangan 19 ta ko‘p qavatli uy-joylarning qayta rekonstruksiyasi, nazorat o‘tish binosining talabga mos qurilishi, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi turistik ob’ektlarni qayta ta’mirlash, bu kabi qilingan ishlar ro‘yxatini yana uzoq davom ettirish mumkin. To‘g‘risi, qisqa davr oralig‘ida bu singari yutuqlarga erishishning o‘zi bo‘lmaydi, barchasining zamirida ishlab chiqarish va mehnatga munosabatning o‘zgarayotgani hamda yurtni yanada obod qilish, ko‘rkam va zamonaviy binolarni ­bunyod etishga har kim o‘z hissasini qo‘shish kabi ulug‘ niyatlar jamlangan.

Iqtidorli loyihachi, jamoani har kuni bir yangilik sari boshlayotgan Perdabayning amalga oshirishni ko‘zlagan ishlari ham bir talay. Uning rejalariga ko‘ra, Nukus shahri va hududdagi tuman hamda shaharlarning infratuzilmasini yanada yaxshilash, uy-joyga muhtojlarning talabini qondirishda o‘z loyihalari bilan ishtirok etish hamda yangi ishlab chiqarish korxonalari qurilishida yaxshi loyihalarni taqdim qilish. Shu kunlarda maqsadga erishish uchun jamoadagi loyiha ijodkorlari tinmay izlanish­moqda. Ta’kidlanganidek, niyati pok insonlar hamisha maqsadiga erishadi.

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img