Suv – hayot manbai! Taassufki, so‘nggi yillarda dunyoda iqlimning keskin o‘zgarib borayotgani, ayniqsa, mintaqamizda mavsumlar qor va yomg‘irlarsiz o‘tayotgani nafaqat qishloq xo‘jaligi tarmoqlari, balki jamiyatimizdagi boshqa sohalarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatyapti. Bunisi yetmaganday, yon-atrofimizni o‘rab turgan tog‘larda ham zaxiralar kamaygani sababli sun’iy suv zaxiralarini yaratish ehtiyoji keskin oshmoqda. Endilikda bu dolzarb muammoga yechim topib, suv bilan bog‘liq ehtiyojni talab darajasida qondirish uchun joylardagi mutasaddi korxonalar jiddiy sa’y-harakatlar olib borishmoqda.
Mana shu yo‘nalishga qaratilgan ishlarni ko‘ngildagidek qaror toptirish va suv ta’minotida uzilishlar bo‘lmasligi uchun “Farg‘onamaxsussuvpudrat” mas’uliyati cheklangan jamiyati korxonasi ham ko‘plab istiqbolli loyihalar bo‘yicha katta ishlarni amalga oshiryapti. Korxona rahbari Halimjon Hasanovning ta’kidlashicha, ish samaradorligini oshirish maqsadida, eng avvalo, ishchilarning moddiy ta’minotini yaxshilash, ularga munosib shart-sharoitlar yaratib berishga e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, korxonaning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun imtiyozli kreditlar olinib, eng so‘nggi rusumdagi buldozer, ekskavator hamda boshqa turdagi zamonaviy texnikalar xarid qilindi.
Jamiyat rahbarining aytganicha bor, qayerda ishchi-xodimlar zarur sharoitlar bilan ta’minlangan bo‘lsa, o‘sha joyda hamjihatlik qaror topib, belgilangan rejalar ham ortig‘i bilan uddalanaveradi. Bu jihatdan “Farg‘onamaxsussuvpudrat” MChJ jamoasi amalga oshirgan ishlar turdosh korxonalarga ibrat bo‘lyapti. Jumladan, suv xo‘jaligi bo‘yicha Oltiariq, Yozyovon, Farg‘ona hamda Qo‘shtepa tumanlarida yillar davomida ishlov berilmagani sababli izdan chiqish darajasiga kelib qolgan kanal va zovurlarga qayta ishlov berilib, talab darajasiga keltirildi.
Xalqimizda, “Suv zar – suvchi zargar”, degan ibora bekorga aytilmagan. Endilikda obi-tobiga keltirilgan inshootlarda suv hech qanday ortiqcha to‘siqlarsiz, yozning issiq kunlari esa kam parlanishsiz barcha tarmoqlar qatorida iste’molchilarga yetib boryapti. Shuningdek, qaysi soha bo‘lishidan qat’i nazar suvdan qay tartibda foydalanayotganlik ham korxona mutaxassislari tomonidan nazoratga olingan. Bu borada belgilangan qoidalarga rioya qilmaganlarga tushuntirish ishlari olib borilyapti.
Shuni ham aytish kerak, korxona jamoasi faqat kanal va zovurlarni tozalash ishlari bilan cheklanmasdan yangi kanallarni bunyod etish hamda ko‘priklar qurish borasida ham ko‘plab loyihalarni amalga oshiryapti.
Ko‘pchilik yaxshi biladi, Yozyovon tumanining asosiy qismi cho‘l hududini tashkil qiladi. Shunga qaramay, tuman ahlining tashabbuskorligi tufayli boshqa ko‘plab tarmoqlar singari agrosanoat majmui keng rivojlangani sabab sug‘orish bilan bog‘liq talab ham o‘ziga loyiq. So‘nggi davrda bu talab bo‘yicha, hududda suv kam sarflashga moslashgan to‘rtta yangi kanal qazilib, foydalanishga topshirildi. Foydalanuvchilarga qulaylik bo‘lishi uchun ularning har birida beshtagacha zamonaviy ko‘priklar qurib berildi.
Bundan tashqari, yuqorida aytilganidek, mavsumlarda, ayniqsa, bahor yomg‘iridan unumli foydalanish maqsadida ikki yil avval korxona jamoasi viloyat hokimligiga bir taklif bilan chiqdi. Unga ko‘ra, Yozyovon tumanidagi suv omborida zaxiralarni yanada kengaytirish uchun yangi kanal qazish lozimligi nazarda tutilgan edi. Mutaxassislar bu tashabbusni batafsil tahlil etgandan keyin bu loyiha bo‘yicha jamoa qisqa muddatda kanalni qazib bitkazdi. Ayni paytda suv omborida maksimal darajadagi suv zaxirasi yig‘ilishida uning tutayotgan o‘rni beqiyosdir.
Davlat dasturlari bo‘yicha Farg‘ona viloyatida 2022 – 2026 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlarning o‘z muddatida bajarilishi uchun “Farg‘onamaxsussuvpudrat” korxonasi ishchi-xizmatchilarining zimmalarida ham katta mas’uliyat turibdi. Ya’ni, viloyatning ikkita tumanida qad rostlayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlarida irrigatsiya va melioratsiya ishlarini talab darajasida bajarish, kelgusida ana shu joylarda bu borada muammolar bo‘lmaslikka erishishdir. Zimmadagi vazifani bajarish uchun shu kunlarda zarur choralar ko‘rilib, belgilangan joylarda kanallar va boshqa ishlar oxiriga yetkazilmoqda.
Bu ishlarda Abdug‘ani Isoqov, Muhiddin Turdiyev, Qahramonjon Oxunov, Liana Gulxina, Zarifjon Matmusayev kabi ekskavatorchi, betonchi, ish boshqaruvchi va hisobchilar ish samaradorligi bo‘yicha hamkasblariga ibrat bo‘lmoqdalar.

