“ToshkentboshplanLITI”da Yangi Toshkent hududida olib borilayotgan ijtimoiy, iqtisodiy loyihalar va shahar qiyofasini shakllantirish, qulay shahar muhitini yaratishning muvaffaqiyatli yechimlari yuzasidan “Yangi Toshkent – Markaziy Osiyoning yana bir gavhari” mavzusidagi taqdimot-matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda tegishli davlat tashkilotlari, hokimlik vakillari, qurilish sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ektlari, jamoatchilik faollari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi. Tadbirni qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, “Yangi Toshkent shahrini barpo etish” direksiyasi direktori Davronjon Adilov ochib berdi. – Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan shahar muhitini yaxshilash, dunyo tajribasi asosida rivojlantirish yuzasidan salmoqli ishlar amalga oshirilayotganidan xabaringiz bor, – dedi Davronjon Adilov. – Ma’lumki, mamlakat arxitekturaviy qiyofasini yaxshilash, urbanizasiyani rivojlantirish uning dunyo miqyosidagi o‘rnini belgilaydi. Bu nafaqat aholi turmushini yaxshilash, balki iqtisodiyotni rivojlantirish, turizmni yangi bosqichga olib chiqishda ham muhim ahamiyatga ega. Yangi Toshkentni barpo etishda biz mazkur jihatlarga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Bunda xorijiy tajribani o‘rgangan holda milliy qadriyatlarimizga urg‘u berish orqali katta loyihalarni boshlab yuborganmiz. Ushbu taqdimotda dunyoning yetakchi arxitektorlari bilan hamkorlikda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmi tadqiqot markazi muzeyi va ixtisoslashgan maktab hamda maqom markazi loyihasi namoyish etildi.


