So‘nggi yillarda respublikamizda nafaqat shaharlarda, balki chekka qishloqlarda ham bunyodkorlik jarayonlariga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bu ham bo‘lsa, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasidir. Zero, barpo etilayotgan yangi inshootlar yurtimiz iqtisodiy-ijtimoiy hayotini rivojlantirishga xizmat qiladi. Modomiki, barcha sa’y-harakatlar inson qadri, uning manfaati uchun ekan, qurilish sohasida ham son emas, sifatga bo‘lgan e’tibor ustuvorlik qilmog‘i darkor. Afsuski, joylarda bu borada ayrim kamchiliklar ham ko‘zga tashlanmoqdaki, buni inkor etishning imkoni yo‘q. Shunday ekan, qurilish sohasida amal qilinishi kerak bo‘lgan talablarga rioya etish har bir quruvchining burchidir.
Sohaga oid talablar davlatimiz rahbarining 2020 yil 5 fevraldagi “Qurilish-montaj ishlari sifatini tubdan yaxshilash va qurilishni nazorat qilish tizimini takomillashtirish choralari to‘g‘risida”gi qarorida ham o‘z ifodasini topgan. Qaror ijrosini ta’minlash doirasida joylarda ob’ektlarni nazorat qilish ishlari yo‘lga qo‘-yilmoqda. Yuzaga kelgan kamchilik va nuqsonlarni o‘z vaqtida bartaraf etish choralari ko‘rilyapti. Misol uchun, Andijon viloyatida 2022 yil davomida mavjud 1 673 ta qurilish ob’ektida 6 ming 601 marta monitoring ishlari tashkil etildi. Natijada, 4 954 ta kamchilik aniqlanib, shulardan 4 634 tasi o‘z vaqtida bartaraf etildi. Afsuski, 317 ta holatda qurilish qatnashchilariga nisbatan huquqiy javobgarlik chorasi qo‘llanilgan bo‘lsa, turli idoralarga qonunbuzarlik holatlari yuzasidan 74 ta taqdimnoma kiritildi. Bu kabi holatlar turar joy binolarida ham o‘z ifodasini topmoqda.
– O‘rganish davomida ma’lum bo‘ldiki, ayrim hollarda quruvchilar tomonidan belgilangan me’yorlarga rioya etilmayotgani aniqlanmoqda, – dedi viloyat qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i Akromjon Muxtorov. – Masalan, Marhamat tumanidagi “Guliston” MFY hududida “Abduvali trans servis” MChJ tomonidan qad rostlayotgan ikkita 5 qavatli turar joy binolari qurilishida ham ayrim kamchilik¬lar aniqlandi. Yuk ko‘taruvchi devor konstruksiyalari orasiga to‘r qo‘yishda loyiha talablariga rioya qilinmagan. Poydevorning tuproq bilan tutashgan joylaridagi izolyatsiyalar sifatsiz bajarilgan.
Ma’lumotlarda ko‘rsatilishicha, kamchiliklar Jalaquduq tumanidagi 5 ta 5 qavatli turar joy binolari qurilishida ham yuzaga kelgan. 1-, 2-, 3-, 4-uylarning tom qismidan tushgan suv tarnovlari poydevordan qochirilmagan. 2-uyning 3-qavatidagi 13-, 14- va 15-xonadonlarning devori sho‘rlanib, ta’mirtalab holatga kelib qolgan bo‘lsada, qayta ta’mirlanmagan.
Shuningdek, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Yangi hayot” MFY hududida “Sapfir sadaf servis” MChJ tomonidan 4 ta 7 qavatli turar joy binolari barpo etilmoqda. Mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan nazorat jarayonida 2-uyning 1-qavatida va 3-uyning 2-qavatida ichki suvoq ishlari sifatli bajarilmaganligi aniqlandi. 2-uyda ichki elektromontaj ishlarida sifat me’yorlariga amal qilinmagan. Yuqori qavatlardagi balkonga chiqish joylari va lift shaxtalariga vaqtinchalik himoya to‘siqlari o‘rnatilmagan.
Kuzatilgan bu holatlar tegishli idoralar tomonidan aniqlangach, o‘z vaqtida chora ko‘rilib, sifat me’yorlari ta’minlanishiga erishildi. Biroq, bizni bir savol o‘ylantiradi: qurilish sohasidagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun qachongacha mutasaddilarning ogohlantirishlarini kutish kerak? Har bir quruvchi tashkilot zimmasiga yuklatilgan vazifani belgilangan tartiblarga rioya etgan holda amalga oshirsa, bajargan ishini o‘z ¬vijdoni oldida sarhisob qilsa, bu kabi ko‘ngilsizliklar yuzaga kelmas edi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, biz qurayotgan binolar bizning asl holimizga berilgan bahodir! Endi aytingchi, hurmatli quruvchi, siz qanday bino qurmoqdasiz?



