Qurilishni nazorat qilish zarurati har qanday turdagi obyektlar uchun shart va majburiydir. Uning yordamida mijoz barcha ishlarning to‘g‘ri va belgilangan muddatda bajarilishiga, qurilish materiallarining sifati standartlarga mos kelishiga va xarajatlar haqiqiy smetaga mosligiga ishonch hosil qiladi. Avvalo, qurilish nazoratining maqsad va vazifalariga to‘xtalsak.
Qurilish nazorati bino va inshootlarning norma va qoidalarga muvofiqligini majburiy
baholash shakllaridan biridir. Uning vazifasi kapital qurilish loyihasining xavfsizligiga
ta’sir qiluvchi ishlarning bajarilishini, muhandislik ta’minoti tarmoqlarining tuzilmalari
va uchastkalarining holatini nazorat qilishdan iborat. Qurilish nazorati kapital qurilish
obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash vaqtida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-noyabrdagi PF-5577-sonli
Farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-avgustdagi 496-sonli qarori va O‘zbekiston Respublikasi Shaharsozlik kodeksining tegishli moddalarida har qanday obyektni
qurishda qurilish ishlarining sifatini nazorat qilish majburiyligi belgilab qo‘yilgan. Qurilish
nazorati bu bir nechta tekshiruvlar majmuasidan tashkil topgan bo‘lib, uning maqsadi
– amalga oshirilayotgan ishlarning me’yoriy hujjatlar: loyiha, texnik reglamentlar, xavfsizlik qoidalari (shu jumladan ekologik) talablariga muvofiqligini tasdiqlashdir. Shuningdek,
qurilishni smeta hujjatlarida belgilangan qurilish muddatlari va xarajatlariga rioya qilgan
holda amalga oshirilishini ta’minlaydi. Qurilish nazorati bilan bir qatorda “texnik nazorat” degan tushuncha ham mavjud. Biroq ular orasida ba’zi farqlarni kuzatish mumkin. Texnik nazorat odatda faqat mijoz tomonidan amalga oshiriladigan tekshiruvni anglatadi. Shuning uchun bu torroq ta’rif. Bundan tashqari, “mualliflik nazorati” atamasini ham uchratishingiz mumkin. Bu ishning loyiha hujjatlariga muvofiqligini baholashning bir turidir. Mualliflik nazorati odatda loyihani ishlab chiquvchi tomonidan amalga oshiriladi va bu atama qurilish nazorati konseptsiyasiga kiritilgan. Qurilish obyektlarining sifati deganda, odatda, barpo etilayotgan binolar yoki inshootlarning mo‘ljallangan maqsadlaridan kelib chiqqan holda aniqlangan xususiyatlari ro‘yxati tushuniladi. Bundan tashqari, qurilish sifati QMQ-2.01.03-19, QMQ- 2.01.03 2019, GOST-Р ISO 12491- 2011-, GOST-Р 1.5 – 2004 lar va ISO 12491:1997, ISO /TK 98 kabi me’yoriy-huquqiy manbalar qoidalariga asoslanib baholanadi.


